Buxoro sh. Moxi-Hosa
Qo’rg’oni shifokor k. №1
Ish vaqti:
Dush. - Sham. 08:30 - 15:30

SIHATGOH XIZMATLARI

Bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularni kasalliklardan asrash va kompleks ravishda davolash maqsadida faoliyat yuritayotgan Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi (VBFS) — 170 o‘ringa mo‘ljallangan, 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan sog‘lomlashtirish va davolash muassasasidir.

Qabul qilinadigan bolalar toifasi:

Sihatgohda asosan sil kasalligiga moyil va xavfli guruhlarga kiruvchi bolalar qabul qilinib, ular bilan kompleks tashxis va davolash tadbirlari amalga oshiriladi. Jumladan:

•         Sil kasali bilan muloqotda bo‘lgan bolalar;

•         Faol sildan davolangandan so‘ng qaytalanishiga qarshi davo o‘tkazilishiga muhtoj bolalar;

•         Diaskintest va Mantu sinamalarida musbat natija qayd etilgan bolalar;

•         Dispanser“D” nazoratida turgan xavfli guruh bolalar (tuberkulyoz kasalligining rivojlanishiga moyil bo‘lgan 0–18 yoshli bolalardan iborat xavfli guruh)

Me'yoriy asoslar

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish va tizimli ravishda amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi PQ-12-sonli qarori bilan belgilangan. Ushbu qarorda “2023–2026 yillarda ftiziatriya va pulьmonologiya xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” aniq bayon etilgan. Xususan, 5-“b” bandida Buxoro viloyatida tuberkulyoz kasalligining rivojlanishiga moyil bo‘lgan 0–18 yoshli bolalardan iborat xavfli guruhni shakllantirish belgilangan.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 21 fevraldagi 37-sonli buyrug‘i asosida Buxoro viloyatida ushbu xavfli guruh rasmiy tarzda shakllantirilgan. Bu guruhni aniqlashda epidemiologik tahlil, ijtimoiy holat, tibbiy tavsiyalar va laboratoriya sinamalari asos qilib olingan.

 

Sihatgohdagi maqsadli faoliyat

Sihatgohda qabul qilinadigan bolalar bilan quyidagi yo‘nalishlarda kompleks ish olib boriladi:

•         Sog‘lomlashtirish va quvvatlovchi davo tadbirlari (fizioterapiya, parhez, sport va gidromassaj);

•         Tuberkulyoz kasalligining oldini olish va erta aniqlash;

•         Psixologik va pedagogik qo‘llab-quvvatlash;

•         Maxsus diyeta va ratsional ovqatlantirish asosida immunitetni mustahkamlash;

•         Har bir bolaning umumiy holati va fonidagi kasalliklariga mos individual davo rejasini amalga oshirish.

  Sihatgoh tuzilmasi va shart-sharoitlar

Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi bolalarni samarali davolash va reabilitatsiya qilish uchun zamonaviy infratuzilma va qulay shart-sharoitlarga ega. Bu yerda bolalarning sog‘lig‘ini tiklash, bilim olish va rivojlanishiga bir vaqtning o‘zida sharoit yaratish maqsad qilingan.

Davolash bo‘limi – bolalarning asosiy va yo‘ldosh kasalliklarini aniqlash va davolash maqsadida yuqori malakali tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Diagnostika, davolash va fiziomuolajalar o‘zaro uyg‘un holda yo‘lga qo‘yilgan.

Tayanch maktab (1–11 sinflar uchun) – bolalar darsdan qolmasdan ta'limni davom ettirish imkoniga ega. Maktab darsliklar, partalar, doskalar va kompьyuterlar bilan jihozlangan.

Yordamchi bo‘limlar –Oshxona: gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan, bolalarga 5 mahal ovqat tayyorlanadigan shinam bo‘lim.

Fizioterapiya bo‘limi: zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bolalar uchun individual muolajalar o‘tkaziladi.

 

Xo‘jalik bo‘limi: sanitariya va maishiy ehtiyojlarni ta'minlashga xizmat qiladi.

Bino va jihozlanish:

Sihatgohning davolash bo‘limlari joylashgan asosiy bino 4 qavatdan iborat. To‘liq ta'mirlangan, zamonaviy yumshoq va qattiq mebellar, funktsional jihozlar, gigiyenik talablarga javob beradigan hojatxonalar va sanitariya xonalari bilan ta'minlangan.2–4 qavatlar – bosqichma-bosqich ta'mirlanib, har bir qavatda bolalarning qulay yashashi, dam olishi va davolanishi uchun mo‘ljallangan xonalar yangilanmoqda.

Barcha bino va xonalarda isitish, yorug‘lik, ventilyatsiya va ichimlik suvi tizimi samarali ishlaydi. Yotoqxonalar sanitar talablarga muvofiq holda tuzilgan bo‘lib, bolalar uchun xavfsiz va shinam muhit yaratilgan. 

O‘qish va davolash birgalikda

Sihatgohida bolalarning sog‘ligini tiklash bilan bir qatorda, ularning ta'lim olish huquqi ham to‘liq ta'minlangan. Davolanish muddatida farzandlar ta'limdan orqada qolib ketmasligi uchun sihatgoh hududida 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan maktab faoliyat yuritadi.

Maktab binosi to‘liq ta'mirlanib, zamonaviy parta, doskalar, kompьyuterlar, elektron o‘quv vositalari va zaruriy dars qurollari bilan jihozlangan. Darslar tegishli fan o‘qituvchilari tomonidan davlat umumta'lim dasturi asosida olib boriladi. Bu esa har bir bolaning bilim olishda uzilishsiz, izchil ishtirok etishini ta'minlaydi.

Shu tariqa, bolalar sihatgohda nafaqat jismoniy jihatdan sog‘ayish, balki aqliy va ma'naviy rivojlanish imkoniga ham ega bo‘ladilar. Bu ikki yo‘nalishning uyg‘unligi sog‘lom va bilimli avlodni tarbiyalashda muhim qadam hisoblanadi.

Sport va sog‘lomlashtiruvchi mashg‘ulotlar

Sog‘lom bola — barkamol jamiyat poydevori. Shu tamoyil asosida sihatgohida bolalarning jismoniy rivojlanishiga alohida e'tibor qaratilgan. Sihatgoh hududida zamonaviy talablarga javob beradigan sport zali faoliyat yuritadi. U bolalarning yoshi va individual holatidan kelib chiqib, tuzilgan maxsus mashg‘ulotlar dasturi asosida jihozlangan.

Sport zalida sog‘lomlashtirishga qaratilgan quyidagi gimnastik mashg‘ulotlar muntazam tashkil etiladi:

-Umumiy davolash gimnastikasi — bolalarning umumiy holatini mustahkamlash, immun tizimini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi;

-Nafas a'zolari gimnastikasi — tuberkulyozga moyil yoki nafas yo‘llari muammolariga ega bolalar uchun juda foydali bo‘lib, nafas olish faoliyatini yaxshilashga xizmat qiladi;

-Suyak-mushak tizimiga oid gimnastik mashg‘ulotlar — tana tuzilishi, holat va mushaklarni mustahkamlash maqsadida o‘tkaziladi.

Mashg‘ulotlar o‘z sohasining malakali mutaxassislari — shifokor-fizioterapevt va maxsus tayyorgarlikka ega hamshiralar tomonidan olib boriladi. Bunday mashg‘ulotlar nafaqat jismoniy barqarorlik, balki bolalarning ruhiy holati, kayfiyati va hayotga qiziqishini ham oshirishda muhim o‘rin tutadi

Fizioterapiya imkoniyatlari

Bolalarni sog‘lomlashtirishda fizioterapiya usullari katta ahamiyatga ega. Bu tabiiy omillar yordamida organizmni tiklash va mustahkamlashga qaratilgan muolajalar majmuasidir. Sihatgohida bu sohada keng imkoniyatlar mavjud.

Fizioterapiya bo‘limi 14 turdagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bolalarning yoshi, umumiy holati va asosiy hamda yo‘ldosh kasalliklariga qarab mutaxassislar tomonidan individual reja asosida muolajalar belgilanadi.

Bo‘limda quyidagi samarali fiziomuolajalar o‘tkaziladi:

-Ingalyatsiya – nafas yo‘llariga dori vositalarini yetkazib berish orqali bronxlar va o‘pkadagi yallig‘lanishni kamaytiradi.

-Ulьtraovozli terapiya (UZT) – to‘qimalarda mikroharoratni oshirib, yallig‘lanishni yengillashtiradi va qon aylanishini yaxshilaydi.

-Elektroforez – dori moddalarini teridan tok orqali yuborish orqali ta'sir etuvchi shifobaxsh muolaja.

-Kvarts tubus, UVCh, magnitoterapiya – yallig‘lanishga qarshi va immunitetni kuchaytiruvchi muolajalar.

-Sollyuks lampasi, D’arsonvalь, elektroson – asab tizimi faoliyatini barqarorlashtirish, uyqu va ruhiy holatni yaxshilashga qaratilgan.

-Gidrovanna va kedrovaya bochka – teri orqali ta'sir etuvchi, qon aylanish va mushaklar faoliyatini yaxshilaydigan usullar.

-Parafin terapiyasi – suyak-muskul tizimi, artrit va revmatizmga moyil bolalar uchun foydali.

-Massaj va tuz g‘ori (galoterapiya) – nafas a'zolarini mustahkamlash, stressni kamaytirish va organizmni umumiy tiklashda muhim rol o‘ynaydi.

Barcha fizioterapevtik muolajalar maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan malakali shifokor-fizioterapevt va hamshiralar tomonidan olib boriladi. Muolajalarning yuqori samaradorligi va bolalar uchun xavfsizligi asosiy ustuvorlik sifatida ta'minlangan. 

Ovqatlanish va ozuqa ratsioni

Bolalarning sog‘lom rivojlanishida to‘g‘ri va muvozanatlashtirilgan ovqatlanish alohida ahamiyatga ega. Shu bois  sihatgohida ovqatlanish masalasiga jiddiy yetishiladi. Sihatgohda bolalarga kuniga 5 mahal ovqat beriladi: nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, uzoq vaqtlik dam olishdan keyingi taom va kechki ovqat.

Ta'omlar ratsioni bolalarning yoshi, sog‘liq holati va davolanish ehtiyojlariga mos holda tajribali diyetolog tavsiyalari asosida tuziladi. Ovqatlanish ratsioniga quyidagilar kiritilgan:

-Sabzavot va mevalar – organizmni tabiiy vitaminlar va mineral moddalar bilan ta'minlash uchun;

-Xilma-xil salatlar va sabzavotli taomlar – hazm qilish tizimi faoliyatini yaxshilashda yordam beradi;

-Pishiriqlar – bolalar zavq bilan iste'mol qilishi uchun tetiklashtiruvchi taomlar sifatida;

-Kompotlar va sharbatlar – organizmni suyuqlik bilan ta'minlash va vitaminlash uchun;

-Go‘sht va sut mahsulotlari, don va dukkakli mahsulotlar – oqsil va energiya manbai sifatida muntazam berib boriladi.

Oshxonadagi barcha ovqatlar gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda, yuqori sifatli mahsulotlardan tayyorlanadi. Shu bilan birga, bolalarning ovqatga bo‘lgan individual reaktsiyalari ham hisobga olinadi — allergik holatlar yoki maxsus parhez talab qilinsa, alohida yechimlar taklif etiladi.

Bunday parhezli va xilma-xil ovqatlanish tufayli bolalarning immun tizimi mustahkamlanadi, umumiy holati yaxshilanadi va davolash samarasi ancha yuqori bo‘ladi. 

Axborot maydonida faol ishtiroq

Sihatgoh faoliyati faqatgina devorlar ichida emas, balki keng jamoatchilikka ham ochiq va shaffof ravishda yoritib boriladi. Har kuni amalga oshiriladigan tadbirlar, davolash va ta'lim jarayonlari, bolalar ishtirokidagi madaniy va sport dasturlari, shuningdek, kunlik hayotdan lavhalar haqidagi ma'lumotlar quyidagi rasmiy manbalarda e'lon qilib boriladi:

???? Rasmiy veb-sayt: https://bvbfs.uz

???? Telegram kanal: https://t.me/vbfsihatgohi

???? Telegram bot: https://t.me/Bux_vil_bol_ftiz

Ushbu onlayn manbalar orqali ota-onalar, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik sihatgohda kechayotgan hayot, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, targ‘ibot ishlari va yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega. Bu esa muassasaning ochiqligi va ishonchliligi, jamoatchilik bilan doimiy muloqotda ekanini ko‘rsatadi.

Bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish

Sihatgohda darslardan va muolajalardan bo‘sh vaqtda turli tadbirlar, diskotekilar, sport musobaqalari tashkil etiladi. Bolalar uchun qadimiy shahrimiz — Buxoro obidalari, muzeylar va bog‘larga sayyohatlar uyushtiriladi. Yangi yil, Navro‘z, Mustaqillik kuni kabi bayramlarda turli sahna chiqishlari, she'r va qo‘shiqlar ijrosi, raqslar va tarixiy shaxslarning hayotiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.

Kutubxona — ma'naviy ozuqa manbai

Sihatgohda bolalarning bilim olish, dunyoqarashini kengaytirish va vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun biblioteka ham faoliyat yuritmoqda. Kutubxonada 300 dan ortiq kitob mavjud bo‘lib, ular bolalar yoshiga mos turli janrlarni qamrab olgan — bolalar adabiyoti, xalq ertaklari, ilmiy-ommabop adabiyotlar, shuningdek, maktab darsliklari va zamonaviy badiiy asarlar. Bolalar ushbu kitoblar orqali nafaqat bilim oladilar, balki ularning fantaziyasi, fikrlash qobiliyati va ma'naviy dunyosini boyitish imkoniga ham ega bo‘ladilar.

 

Xulosa

 Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi — bolalar salomatligini tiklash, shaxsiy rivojlanishiga turtki berish, hamda ularni jamiyatga sog‘lom va bilimli fuqaro sifatida qaytarishda muhim rolь o‘ynaydigan maskan hisoblanadi. Bu yerda bolalarning sog‘lom o‘sishi, to‘g‘ri parvarishi, ma'naviy-ma'rifiy kamoloti uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Sihatgohda bolalar nafaqat asosiy — sil kasalligidan davolanadi, balki ularda uchrashi mumkin bo‘lgan yo‘ldosh xastaliklar ham o‘z vaqtida aniqlanib, tegishli tor soha mutaxassislari ishtirokida samarali davolash tadbirlari olib boriladi. Davolash bilan birga ta'lim jarayoni ham uzluksiz davom etadi — bu esa bolalarning intellektual rivojini ta'minlaydi.

Mehribon va iliq muhit, o‘z ishiga sadoqatli va malakali kadrlar, zamonaviy tibbiy uskunalar, rang-barang madaniy-ma'rifiy tadbirlar, sport va dam olishga qaratilgan mashg‘ulotlar — bularning barchasi bolalarning tezroq sog‘ayishi va hayotga faol qaytishiga turtki beradi.

Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi — bu shunchaki davolash maskani emas, balki bolalar hayotida yangi sahifa ochadigan, mehr, tibbiy yordam va ta'lim uyg‘unlashgan hayot maktabidir.

 

Shifokorlarimiz

Fotogalereya