Bolalarda sil kasalligining oldini olish – sog‘lom avlodning kafolati
Sog‘lom bolalik — sog‘lom kelajak poydevoridir. Ayniqsa, infektsion kasalliklar, jumladan sil (tuberkulyoz) kabi jiddiy xastaliklarning bolalar orasida kengayishini bartaraf etish – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biridir. Bu kasallik nafaqat individual salomatlik, balki jamiyat xavfsizligi masalasi sifatida ham qaralishi lozim.
Sil nima va u bolalarda qanday namoyon bo‘ladi?
Sil – Mycobacterium tuberculosis (Kox tayoqchasi) bakteriyasi sababli paydo bo‘ladigan, asosan o‘pka to‘qimasiga ta'sir etuvchi infektsion kasallikdir. U bolalarda kattalarga nisbatan tezroq avj olishi va og‘ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Immun tizimi hali to‘liq shakllanmagan chaqaloqlar va yosh bolalar ayniqsa xavf ostida hisoblanadi.
Bolalarda sil belgilari kattalarnikiga nisbatan noaniqroq bo‘lishi mumkin: tinimsiz yo‘tal, isitma, vazn yo‘qotish, charchoq va lanjlik, limfa tugunlarining kattalashishi – bularning barchasi diqqatga sazovor.
Kasallikning rivojlanishi (patogenezi)
Kox tayoqchasi bola organizmiga odatda havo orqali kiradi. Ikkilamchi yo‘llar: oral (og‘iz) va kontakt ( idishlar orqali) kam uchraydi. Mikroblar o‘pkaga tushgach, mahalliy yallig‘lanish hosil bo‘ladi. Immunitet past bo‘lsa, infektsiya qon orqali butun organizmga tarqalishi mumkin.
Kasallikning dastlabki bosqichi – bola organizmida Kox tayoqchasining birlamchi ta'siri bo‘lib, u ko‘p hollarda simptomsiz kechadi. Ammo ba'zi bolalarda yuqori temperatura, charchoq, limfa tugunlarining kattalashishi kuzatiladi. Davo choralari ko‘rilmasa, kasallik rivojlanib, o‘pkada yoki boshqa a'zolarda aktiv sil shakllanishi mumkin.
Bolalarda silning klinik belgilari
Kasallik joyiga va og‘irligiga qarab turlicha namoyon bo‘lishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigan belgilari:
• Uzoq muddatli (2 hafta va undan ko‘p) yo‘tal, ba'zan balg‘amli;
• Haroratning 37–37.5°C atrofida uzoq davom etishi;
• Vazirni yo‘qotish, ishtaxaning pasayishi;
• Tez charchash, uyquchanlik, sababsiz lanjlik;
• Tanada qizilchaga o‘xshash toshmalar;
• Qo‘ltika, bo‘yin, qorinda limfa tugunlarining kattalashishi;
• Jigar va taloqning kattalashuvi;
• Ko‘krak ichi limfa tugunlari silida nafas qisishi, quruq yo‘tal.
Chaqaloqlarda va kichik yoshdagi bolalarda kasallik og‘ir kechadi, jumladan, meningit (miya pardasi sili), milkiy sil, disseminatsiyalangan (butun organizmiga tarqalgan) turlari uchrashi mumkin.
Silni aniqlash usullari
Bolalarda silni erta aniqlash uchun:
• Mantu sinovi (tug‘ilgandan so‘ng har yili);
• Diaskintest (mantuga o‘xshash, ammo aniqroq);
• Upka rentgenografiyasi va KT;
• Limfa tugunlaridan punktsiya;
• Bioximik va umumiy qon tahlillari;
• Bakteriologik tahlillar (bakteriyaning tasdig‘i uchun) amalga oshiriladi.
Sil kasalligining davosi
Silni davolashda quyidagi tamoyillarga amal qilinadi:
Kompleks antibakterial terapiya
Bolalarga maxsus protivotuberkulyoz dori vositalari (izoniazid, rifampitsin, pirazinamid, etambutol, streptomitsin va boshqalar) 6-12 oy davomida belgilanadi. Dastlab 2 oylik intensiv faza, keyin esa 4–10 oylik davomiy davolash fazasi amalga oshiriladi.
Vitaminoterapiya va umumiy sog‘lomlashtiruvchi choralar
Immunitetni mustahkamlash maqsadida vitaminlar, yaxshi ovqatlanish, toza havo, dam olish ham davolashning bir qismi hisoblanadi.
Sanator-kurort reabilitatsiyasi
Sildan keyingi sog‘lomlashtirish jarayonida maxsus ixtisoslashtirilgan sihatgohlarda bolalar dam oltirilishi va nazoratda bo‘lishi muhim.
Profilaktika – kasallikka qarshi eng samarali qurol
Silning oldini olish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega:
BTSJ ( Batsílla Kalьméta — Geréna) emlash
Bolalarni tug‘ruqxonadayoq BTSJ vaktsinasi bilan emlash — sil kasalligidan himoya qilishda eng samarali usullardan biridir. Bu vaktsina organizmda Kox tayoqchasiga qarshi immunitetni shakllantiradi va og‘ir turdagi sil formalarini (miya pardasi sili, disseminatsiyalangan sil) oldini oladi.
Flyuoroografik va Mantu tekshiruvlari
Sil kasalligiga erta tashxis qo‘yishda Mantu reaktsiyasi va rentgen usullari muhim o‘rin tutadi. Muntazam profilaktik tekshiruvlar tufayli kasallik ildizi vaqtida aniqlanib, davo choralari ko‘riladi.
Mikroiqlim va oziqlanish
Bolaning yashash sharoiti, gigiyena talablariga rioya qilish, to‘yimli ovqatlanish ham profilaktikada katta rolь o‘ynaydi. Vitaminlar, oqsillarga boy ratsion bolaning immun tizimini mustahkamlaydi.
Ijtimoiy ogohlik va ma'lumotlilik
Ota-onalar, pedagoglar va bolalar o‘rtasida sil kasalligi haqida tushunchani oshirish — samarali profilaktikaning asosiy bosqichlaridan biridir. Axborot bukletlari, sinflardagi suhbatlar va sog‘lom turmush tarziga oid targ‘ibot ishlari infektsiya tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.
Bolalar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar — mas'uliyatli yondashuv talab etadi
Agar oilada yoki bola tarbiyalanayotgan muassasada sil bilan kasallangan kishi bo‘lsa, bu holat albatta tibbiy nazoratga olinishi va bola uchun profilaktik tadbirlar ko‘rilishi shart. Bu profilaktik davolash (ximiyaprofilaktika) yoki uzoq muddatli dispanser kuzatuvi bo‘lishi mumkin.
Xulosa
Bugungi kunda sil kasalligiga qarshi kurashda faqatgina tibbiyot xodimlari emas, balki har bir ota-ona, o‘qituvchi va jamiyat a'zosi mas'uliyatli bo‘lishi kerak. Bolalarning toza muhitda o‘sishi, to‘g‘ri ovqatlanishi, vaqtli tekshiruvlardan o‘tishi va zarur hollarda emlanishi ularning sog‘lom kelajagiga yo‘l ochadi.
Silni davolash mumkin — ammo uni oldini olish ancha oson va samaralidir.