Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi: tarixi, rivojlanish bosqichlari va huquqiy asoslari
Kirish
Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi — tuberkulyozga chalingan bolalarga maxsuslashtirilgan profilaktika, davolash va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi, yurtimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mutaxassislashtirilgan tibbiy muassasadir. Uning tarixiy ildizlari 1935 yilga borib taqaladi va bugungi kunga kelib sog‘liqni saqlash sohasida strategik ahamiyat kasb etuvchi maskanga aylangan.
________________________________________
1. Tashkil etilishi va dastlabki faoliyat bosqichi (1939–1970)
Muassasa 1939 yilda Buxoro shahridagi “Mohi-Xosa” hududida bolalar tuberkulyoziga qarshi ixtisoslashtirilgan sanatoriy sifatida tashkil etilgan. U o‘z faoliyatini 1935 yilda ochilgan ona va bolalar sog‘lomlashtirish muassasasi tajribasiga asoslanib boshlagan. Shu tariqa, “Mohi-Xosa” respublikadagi ilk ixtisoslashtirilgan bolalar tuberkulyoz sanatoriylaridan biri sifatida shakllangan. Sovet Ittifoqi sog‘liqni saqlash tizimida tuberkulyozga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani sababli, sanatoriy faoliyati sanitar-gigiyenik qoidalar va tabiiy iqlim-fizioterapevtik usullarga asoslangan.
Dastlabki yillarda asosiy davolash usuli sifatida havo-iqlim sharoiti, sog‘lom ovqatlanish, ko‘p vaqt ochiq havoda bo‘lish kabi nostandart usullar qo‘llangan.
________________________________________
2. SSSR davrida institutsional rivojlanish (1970–1990)
1971 yilda Buxoro viloyati Ijroiya Qo‘mitasining 22 p. 596-sonli qaroriga asosan muassasa rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tarkibiy tuzilma qayta ko‘rib chiqilib, suyak tuberkulyozi bo‘limi tugatildi va bu xizmatlar viloyat sil dispanseri ixtiyoriga o‘tkazildi.
1975 yilda sanatoriy yangi 4 qavatli binoga ko‘chirilib, 230 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘ldi. 1976 yilda Gazli zilzilasi oqibatida yuzaga kelgan favqulodda holat munosabati bilan vaqtinchalik 300 nafar bola qabul qilinib, ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Mazkur davrda shifoxonada fizioterapiya, fitoterapiya, balneoterapiya, elektroforez, loy va parafin applikatsiyalari kabi usullar joriy etildi. Shu bilan birga, ta'lim tizimi bilan integratsiya qilingan tayanch - maktab sifatida ham faoliyat yuritdi.
________________________________________
3. Mustaqillikdan keyingi islohotlar va modernizatsiya (1991–2024)
1991 yildan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin sog‘liqni saqlash tizimida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Sanatoriy 2001 yil 24 aprelda 000074-sonli tibbiy faoliyat yuritish litsenziyasini oldi.
2008 yilda Buxoro shahar hokimining 1240-sonli qaroriga muvofiq muassasaning nomi “Viloyat silga qarshi bolalar sanatoriyasi” etib o‘zgartirildi. 2012–2013 yillarda investitsiya dasturi asosida to‘liq rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilib, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va sanitar talablarga mos holga keltirish maqsadida binolar qayta qurildi. 2024 yilda sanitar-gigiyenik talablarga muvofiq ravishda umumiy o‘rin soni 170 taga optimallashtirildi.
________________________________________
4. Qonunchilik va huquqiy asoslar
Muassasaning huquqiy maqomi 2020 yil 10 yanvarda Buxoro shahar hokimining 94-sonli qarori bilan rasmiy ravishda “Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi” sifatida belgilandi. Mazkur qarorga asosan tasdiqlangan Nizom Davlat ro‘yxatiga olingan va Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilgan.
Muassasaning faoliyatini tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjatlar qatoriga quyidagilar kiradi:
• “Aholini sil kasalligidan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni – sil profilaktikasi, skrining va dispanser kuzatuvi bo‘yicha davlat kafolatlarini belgilaydi.
• PQ–4191 (13.02.2019) – Ftiziatriya va pul'monologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari.
• PQ–12 (20.01.2023) – 2023–2026 yillarda ftiziatriya va pul'monologiya xizmatini rivojlantirish to‘g‘risida qaror.
o №5 “a” bandiga ko‘ra, viloyatimizda har yili kamida 1 million bolada latent sil infeksiyasiga skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi belgilangan.
• PF–37 (21.02.2024) – "O‘zbekiston–2030" strategiyasini amalga oshirish davlat dasturi.
• Sog‘liqni saqlash vazirligining 283-sonli buyrug‘i (2022 yil) – bolalar ftiziatriyasida xizmat ko‘rsatishning tashkiliy-uslubiy asoslari.
• Sog‘liqni saqlash vazirligining 37-sonli buyrug‘i (21.02.2023) – 0–18 yoshdagi bolalar orasida xavfli guruhlarni shakllantirish va nazoratga olish reglamenti.
• “Million nafas” dasturi (2023–2027) – bolalar va o‘smirlar o‘rtasida nafas yo‘llari kasalliklarini erta aniqlash va skrining tadbirlarini nazarda tutadi.
• Viloyat boshqarmasining 2019 yil 4 noyabrdagi 294-sonli buyrug‘i
________________________________________
5. Tashkiliy-infratuzilmaviy rivojlanish (2012–2024)
5.1. Rekonstruktsiya ehtiyojlari:
• Davolash va yotoqxonalarda har bir bolaga 3–3,5 m² to‘g‘ri kelishi sanitariya talablariga mos kelmasligi;
• Sportzal, laboratoriya, sterilizatsiya, kirxona va hojatxona binolarining yo‘qligi yoki avariya holatida bo‘lishi;
• Fizioterapiya bo‘limlarining ma'muriyat binosida vaqtinchalik joylashganligi.
5.2. Optimalizatsiya choralari:
• Davolash va yotoqxona binosini qayta qurish orqali 7 m² maydon bilan ta'minlash va 178 bolaga mo‘ljallash;
• Qo‘shimcha 52 o‘rinli bino qo‘shish;
• Sportzal, kirxona, hammom va qozonxonani qaytadan qurish.
5.3. Loyiha natijalari:
90% loyihalash ishlari yakunlangan holda, 2 ta davolash bo‘limi (100 va 70 o‘rinli), qabul, rentgen, fizioterapiya, sportzal, LFK, ma'muriyat, oshxona, ombor, kirxona, arxiv va maktab tuzilmalari yaratilgan.
________________________________________
6. Boshqaruv va kadrlar salohiyati
Ta'sis etilganidan buyon muassasa yuqori malakali bosh vrachlar va shifokorlar tomonidan boshqarib kelingan. Ular quyidagilar:
Bosh vrachlar:
• Jeleznova Irina Borisovna
• Muhammadiyev Qahramon Temirovich
• Salixova Lyudmila Abidovna
• Usmonov Nizom Usmonovich (1976–1987)
• Mingov Mixail Abramovich (1987–1992)
• Annanisheva Lyubovь Andreyevna (1992–1994)
• Cho‘liyev Abdullo Xamroyevich (1994–1998)
• Radjabov Boboqul Oqmurodovich (1998–2013)
• Pardayev Muxammad Jumanazarovich (2013–2022)
• Safarov Xamza Axundjanovich (2022 yildan buyon)
1. Jeleznova Irina Borisovna
Sihatgoh rahbari sifatida u tibbiy xizmatlarni yuqori darajada tashkil etish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga katta
e'tibor qaratgan. Uning davrida tibbiy profilaktika, sog‘lomlashtirish ishlari va ichki tashkiliy boshqaruv yaxshilangan.
2.Muhammadiyev Qahramon Temirovich
Sihatgohning tashkil etilish bosqichida ilk rahbarlardan biri sifatida infrastruktura asoslarini yaratish va faoliyatni yo‘lga qo‘yishda katta hissa qo‘shgan.
3. Salixova Lyudmila Abidovna
Muassasaning ichki ishlash tizimini takomillashtirish, bemorlarga nisbatan munosabatda insonparvarlik va ehtiyojlarga qarab yondashuvni shakllantirishda faol ishtirok etgan. Tartib-intizom va ish sifatiga alohida e'tibor qaratgan.
4. Usmonov Nizom Usmonovich (1976–1987)
Uning rahbarligi davrida sihatgoh infratuzilmasi kengaytirilgan, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilantirilgan. Kadrlar salohiyati oshirilib, texnik ta'minot mustahkamlangan
5. Mingov Mixail Abramovich (1987–1992)
Profilaktik ishlarga alohida e'tibor qaratgan, bolalar sog‘lig‘ini tiklash borasida samarali yondashuvlar joriy qilgan. Uning davrida sihatgoh tibbiy-ijtimoiy ahamiyatga ega muassasa sifatida tan olingan.
6. Annanisheva Lyubovь Andreyevna (1992–1994)
Sihatgohda tibbiy va tashkilotchilik sohalarida izchil islohotlar olib borgan. Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, zamonaviy uslublarni joriy qilish bo‘yicha harakat qilgan.
7. Cho‘liyev Abdullo Xamroyevich (1994–1998)
Tibbiy xizmat turlarini takomillashtirish, sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish va kadrlar malakasini oshirishni ustuvor vazifa qilib olgan. Muassasada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga katta e'tibor qaratilgan.
8. Radjabov Boboqul Oqmurodovich (1998–2013)
Muassasa moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, kadrlar tarkibini yangilash va xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirgan.
9. Pardayev Muxammad Jumanazarovich (2013–2022)
Zamonaviy tibbiy standartlarni amaliyotga tatbiq etish, yangi davolash va tiklash usullarini joriy etish bilan birga, umumiy ish samaradorligini oshirishga katta hissa qo‘shgan. Sog‘lomlashtirish ishlarini yuqori bosqichga olib chiqqan.
10. Safarov Xamza Axundjanovich (2022 yildan buyon)
Muassasa faoliyatini yangilanish va innovatsiyalarga asoslangan boshqaruvga o‘tkazishda yetakchi rol o‘ynamoqda. Zamonaviy tibbiy texnologiyalar, elektron boshqaruv va xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Muovinlar va bo‘lim rahbarlari:
Annanisheva L.A., Sanoyev J.S., Gulyamova M.B., Primova Z.I. kabi malakali mutaxassislar sihatgohning kadr salohiyatini ta'minlashda muhim rolь o‘ynagan.
________________________________________
Xulosa
Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi — O‘zbekistondagi eng qadimiy va tajribali bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy sog‘lomlashtirish muassasalaridan biridir. Uning 80 yildan ortiq tarixi, bosqichma-bosqich infratuzilmaviy va tashkiliy rivojlanishi hamda huquqiy asoslari muassasaning yurtimizdagi sog‘liqni saqlash tizimida tutgan o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Davlat siyosati, huquqiy me'yorlar va inson kapitali uyg‘unligi muassasaning barqaror faoliyatiga zamin yaratgan.