1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, OIV/OITS haqida to‘g‘ri tushunchalarni shakllantirish hamda bolalar va o‘smirlar orasida profilaktika ishlarini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda tibbiyot xodimlari, pedagoglar va tarbiyachilar ishtirok etib, OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari, oldini olish choralariga doir tushuntirishlar berildi. Shuningdek, kasallik haqida mavjud asossiz qo‘rquv va stereotiplarni yo‘qotishga qaratilgan suhbatlar o‘tkazildi.
Mutaxassislar OITSga qarshi kurashda eng muhim omil – bu xabardorlik, ehtiyotkorlik va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish ekanligini ta’kidlashdi. Tadbir davomida bolalar uchun qiziqarli viktorinalar, savol-javoblar tashkil etildi va eng faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida muntazam olib borilayotgan sog‘lomlashtirish va profilaktik ishlar tizimining muhim qismi bo‘lib, yosh avlodning salomatligi va ma’naviy yetukligini ta’minlashga xizmat qiladi.