Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni: Bolalar ftiziatriyasida erishilayotgan natijalar.
24 mart — butun dunyoda Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘yicha 10,8 million kishi tuberkulyozga chalinib, 1,25 million kishi kasallik tufayli vafot etgan.
Yutuqlar
So‘nggi 22 yil ichida O‘zbekistonda tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi 2 barobar kamaydi, o‘lim holatlari esa 10 barobarga pasaydi. JSSTning 2023—2030 yillarga mo‘ljallangan rejasiga muvofiq, tuberkulyozga qarshi kurashish ishlari izchil davom etmoqda. Tuberkulyozni aniqlash tezligi va aniqligi yaxshilanib, tashxis qo‘yish muddati bir necha soatgacha qisqardi. Bunga gen-molekulyar analizator apparati va zamonaviy laboratoriya hisssa qo‘shmoqda.
Profilaktika va emlash ishlari
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 99,5% tuberkulyozga qarshi emlanmoqda. Xavf guruhiga kiruvchi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar immunodiagnostika usulida tekshirilmoqda. Shuningdek, "O‘pka salomatligi" mobil brigadalari chekka hududlarda tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Davolash samaradorligi
Tuberkulyozga chalingan bolalarni davolash samaradorligi 90%ga yetdi. Turg‘un shakldagi tuberkulyoz bilan og‘rigan bemorlarda bu ko‘rsatkich 95%gacha oshirildi. Davolash muddati esa 6—9 oygacha qisqardi.
"Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz!" shiorida diktant
Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni munosabati bilan "Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz!" mavzusida diktant o‘tkazildi. Unda bolalar tuberkulyozning oldini olish va belgilarini bilish bo‘yicha bilimlarini sinadilar. Faol qatnashgan bolalarga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi.
Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz!