Buxoro sh. Moxi-Hosa
Qo’rg’oni shifokor k. №1
Ish vaqti:
Dush. - Sham. 08:30 - 15:30

7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan Bolalar ftiziatriya sihatgohida seminar o‘tkazildi

 

7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida tibbiyot xodimlari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi bolalar o‘rtasida tuberkulyoz kasalligi profilaktikasini kuchaytirish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda hududiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. 

Seminarda Viloyat ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi bosh vrachi U. Shukurov, viloyat bosh ftiziopediatri, shuningdek tuman va shahar bosh ftiziatrlari hamda ftiziopediatr shifokorlari ishtirok etdilar. Shuningdek, sihatgohning ftiziopediatr shifokorlari ham tadbirda qatnashdilar.

Seminarni sihatgoh bosh vrachi X. Safarov ochib berdi. U o‘z so‘zida Butunjahon salomatlik kuni aholining salomatligini muhofaza qilish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va tibbiyot xodimlarining hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Tadbir davomida sihatgoh bosh vrachining o‘rinbosari D. Xamroyeva tomonidan bolalar ftiziatriya sihatgohida davolash va reabilitatsiya jarayonlarini takomillashtirish, amaldagi muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar yuzasidan ma’ruza qilindi.

Shuningdek, viloyat bosh ftiziopediatri tomonidan bolalar ftiziatriya xizmatida amaliyot va o‘zaro hamkorlik masalalari, tuman va shahar ftiziopediatrlari faoliyati hamda sihatgoh bilan hududiy tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar sihatgoh faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida muassasa bo‘ylab ekskursiya qildilar. Shuningdek, sihatgohda davolanayotgan bolajonlar ishtirokida madaniy-bayram tadbiri tashkil etildi. Bu tadbir bolalarning kayfiyatini ko‘tarish, ularni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishga xizmat qildi. 

Mazkur seminar bolalar salomatligini muhofaza qilish, tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurashish ishlarini yanada samarali tashkil etish hamda tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

 

Orqaga