Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida ham har yili katta hayajon va quvonch bilan nishonlanadigan eng ulugʻ bayramlardan biri bu – 2-sentabr, Bilimlar kunidir. 2025–2026 oʻquv yilining ilk kuni yosh avlod qalbida yangi orzu-intilishlar, ilmga boʻlgan mehr va ezgu maqsadlar uygʻotadi.
Bu sana nafaqat maktab ostonasiga ilk qadam qoʻygan bolajonlar uchun, balki butun xalqimiz, ota-onalar, ustoz va murabbiylar uchun ham bayramdir. Chunki bilim – kelajagimizning yorugʻ chirogʻi, taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.
Sihatgohda tarbiyalanayotgan bolajonlar ham bugungi kunni katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Ularning yuzidagi tabassum, koʻzidagi porloq nur kelajakdagi yutuqlarning, ilm va maʼrifatga boʻlgan cheksiz ishonchning ramzi boʻlib yangradi. Shifokor va tarbiyachilar tomonidan tashkil etilgan bayramona tadbir bolalarga quvonch ulashdi, ularning qalbida bilimga boʻlgan chanqoqlikni yanada oshirdi.
Shu kuni sihatgoh hududi bayramona bezatilib, bolalar uchun qoʻshiqlar, sheʼrlar, raqslar va turli oʻyinlar tashkil etildi. Har bir bolaning qoʻliga kitob va daftar, bilim eshigini ochuvchi ramz sifatida gulchambarlar taqdim qilindi.
Aziz bolajonlar!
Yangi oʻquv yili sizlar uchun faqatgina quvonch, yangi gʻoyalar, ezgu maqsadlar va mustahkam bilimlar olib kelsin. Sizlarning orzularingiz roʻyobga chiqsin, yurtimiz kelajagi boʻlmish bilimdon, vatanparvar, mehribon insonlar boʻlib ulgʻaying.