Buxoro viloyatida joylashgan Mohixossa sanatoriyasida bolalar uchun yangi yil tadbiri tashkil etildi
Buxoro viloyatida joylashgan Mohixossa sanatoriyasida Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar uchun quvonch va shodlikka boy bayram tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirda Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi tarbiyalanuvchilari ham faol ishtirok etib, bayramona muhitdan bahramand bo‘ldilar.
Tadbir davomida bolalar uchun qiziqarli sahna ko‘rinishlari, quvnoq o‘yinlar, she’r va qo‘shiqlar namoyish etildi. Qorbobo va Qorqiz ishtirokida o‘tgan dastur bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat, unutilmas taassurotlar ulashdi. Shuningdek, bolalarga Yangi yil sovg‘alari topshirilib, ularning yuzida quvonch va tabassum paydo bo‘ldi.
Mazkur bayram tadbiri bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ruhiy holatini ko‘tarish hamda Yangi yil shukuhi bilan tanishtirishga xizmat qildi. Mohixossa muzeyi jamoasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir bolajonlar uchun haqiqiy bayramga aylandi.