Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi jamoasining kasaba uyushmasi tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy dam olish safari
Bugun viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi ishchi xodimlari uchun kasaba uyushmasi tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy dam olish, jamoa aʼzolari o‘rtasida birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan mashhur Chinorkent dam olish maskaniga sayohat tashkil etildi.
Mazkur tadbir xodimlarning kundalik masʼuliyatli va mashaqqatli mehnatidan so‘ng maroqli hordiq chiqarishi, ruhiy va jismoniy salomatligini mustahkamlashi, shuningdek, ijobiy kayfiyat bilan yangi ish faoliyatiga qaytishiga xizmat qildi. Tabiat qo‘ynida tashkil etilgan sayohat davomida xodimlar sof tog‘ havosidan bahramand bo‘lishdi, chiroyli manzaralarni tomosha qilishdi hamda turli madaniy va ko‘ngilochar mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishdi.
Dam olish jarayonida jamoa aʼzolari o‘rtasida samimiy suhbatlar, fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu esa ish muhitida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xodimlarning mehnat unumdorligini oshirish, jamoaning yagona maqsad yo‘lida jipslashuvini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir ishtirokchilari Chinorkent dam olish maskanida yaratilgan qulay sharoitlar va tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi. Ushbu sayohat barchada unutilmas taassurotlar qoldirib, xodimlarga ko‘tarinki ruh va yangi kuch bag‘ishladi.
Kelgusida ham viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida xodimlar uchun shunday mazmunli va foydali maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.