Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida seminar tashkil etildi
Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida 7-aprel – Butun jahon salomatlik kuni munosabati bilan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Respublika ftiziatriya va pulmonologiya markazi Buxoro filiali mutaxassislari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari vakillari hamda G‘ijduvon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi xodimlari qatnashdi.
Seminar avvalida sihatgoh bosh shifokori X.A. Safarov so‘zga chiqib, Butun jahon salomatlik kunining ahamiyati va uning tarixiga to‘xtalib o‘tdi. U ushbu sana Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashkil topgan kun bilan bog‘liqligini ta’kidlab, bugungi kunda mazkur tashkilot dunyoning ko‘plab davlatlarini birlashtirib kelayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, viloyatda sil kasalligiga moyil bo‘lgan bolalar orasida xavf guruhini shakllantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Mutaxassislar tomonidan kasallikning oldini olish, uni erta bosqichda aniqlash hamda kasallik bilan aloqada bo‘lgan bolalarni o‘z vaqtida nazoratga olish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, profilaktika choralarini kuchaytirish va tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish yuzasidan takliflar bildirdi.