Buxoro sh. Moxi-Hosa
Qo’rg’oni shifokor k. №1
Ish vaqti:
Dush. - Sham. 08:30 - 15:30

    Sihatgohda muhim masalalar muhokama qilindi

 

Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida bosh vrach o‘rinbosari D.Q. Hamroyeva rahbarligida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda sihatgoh faoliyatini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, baholash mezonlari ijrosini ta’minlash hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

 

Yig‘ilishda sihatgoh rahbariyati, bo‘lim mudirlari, bosh hamshira, katta hamshiralar, mas’ul xodimlar hamda mezonlar ijrosiga biriktirilgan xodimlar ishtirok etdi.

 

Kun tartibidagi asosiy masala — sihatgohda baholash mezonlari ijrosini ta’minlash, past balli mezonlarni yaxshilash va har bir yo‘nalish bo‘yicha zarur tasdiqlovchi hujjat hamda foto-dalillarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

 

Yig‘ilish davomida har bir mezon bo‘yicha amaliy ishlarni hujjatlashtirish, tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish va o‘z vaqtida elektron tizimga joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

 

Mezonlar tahlili davomida ayrim yo‘nalishlarda 2 ballik natijalar shakllangani, ayrim mezonlar bo‘yicha esa 1 va 0 ballik ko‘rsatkichlar qayd etilgani muhokama qilindi. Jumladan, “Sifatni nazorat qilish va bemorlar xavfsizligi” mezoni bo‘yicha fuqarolar murojaatlari, fuqarolarni qabul qilish xonasi, ijro intizomi, QR-kod orqali bemorlar fikrini o‘rganish, obodonlashtirish hamda zahira monitoringi kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Bosh vrach o‘rinbosari D.Q. Hamroyeva tomonidan mas’ul xodimlarga faqat hujjatlarni rasmiylashtirish bilan cheklanib qolmasdan, har bir mezon bo‘yicha amaliy ishlarni sifatli tashkil etish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va natijadorlikni oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

 

Shuningdek, yig‘ilishda tungi navbatchilikni tashkil etish va nazorat qilish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tungi navbatchilik vaqtida bolalar salomatligini doimiy nazorat qilish, bo‘limlarda tartib-intizomga rioya etish, zarur holatlarda tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish, navbatchilikni sifatli topshirish-qabul qilish hamda tegishli hujjatlarni to‘g‘ri yuritish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

 

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, har bir xodimning mas’uliyatini oshirish hamda sihatgohda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

 

Sifatli tibbiy xizmat — mas’uliyat, tartib-intizom va doimiy nazoratdan boshlanadi!

 

 

Orqaga