22–23 avgust kunlari yurtimiz bo‘ylab keng qamrovli obodonchilik ishlari o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 516-F-sonli farmoyishiga asosan, 22–23 avgust kunlari mamlakatimizda umumxalq xayriya hashari tashkil etildi.
Bu yilgi tadbir Mustaqillik bayrami munosabati bilan “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilib, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya holatini yaxshilashga qaratildi.
Bolalar sihatgohi hashar shuko‘hi bilan tetiklashdi
Xayriya hashari doirasida Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohida ham katta amaliy ishlar bajarildi. Xususan:
• hudud bo‘ylab 450 metrlik bordyurlar oqlandi;
• 0,6 gektar maydon mavsumiy gul ko‘chatlari uchun tayyorlandi;
• hudud va yo‘laklar chiqindilardan tozalandi;
• daraxtlar oqlandi, 350 metr ariqlar tozalandi;
• 0,8 gektar yer maydoni keyingi ekinlar uchun ishlovdan chiqarildi.
Tadbirda muassasaning barcha xodimlari faol ishtirok etib, bolalar sihatgohi hududini yanada ko‘rkam va ravon holatga keltirishga munosib hissa qo‘shdilar.
Bu kabi obodonchilik ishlari nafaqat toza va go‘zal muhit yaratish, balki muassasada davolanayotgan bolalarning kayfiyatini ko‘tarish, ular uchun samimiy va ma'naviy ruhiyatni ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.