Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sixatgohida davolanayotgan bolalar uchun madaniy-ma'rifiy tadbirlar doirasida navbatdagi unutilmas sayr tashkil etildi. Bu galgi manzil — yurtimizdagi betakror me'moriy yodgorliklardan biri bo‘lgan “Sitorai Moxi-Xosa” amaliy bezak san'ati muzeyi bo‘ldi.
Ushbu muzey tarixiy Buxoro xoni Mo‘zaffarning o‘g‘li Abdulahadxon tomonidan qurdirilgan, Buxoro amirlarining yozgi qarorgohlaridan biri bo‘lgan. Hozirda esa u nafaqat milliy me'morchilik uslubining yorqin namunasi, balki turli davrlarga oid amaliy bezak san'ati kollektsiyalari bilan mashhur muzey hisoblanadi.
Bolalar muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, qadimiy gilamlar, keramika buyumlari, oinasozlik san'ati, zargarlik va xalq amaliy bezak san'atiga oid eksponatlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Ta'limiy ekskursiya davomida bolalarga har bir eksponat haqida batafsil ma'lumotlar berildi, savol-javoblar tashkil etildi.
Muzeydagi boy tarixiy muhit, nafis bezaklar va xalq badiiy an'analariga bo‘lgan ehtirom bolalarda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu tashrif bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, estetik ta'limini boyitish va milliy merosimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Bunday madaniy tadbirlar bolalarni nafaqat ma'naviy jihatdan boyitadi, balki ularning sog‘lomlashuv jarayoniga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi ham shubhasiz.