Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi ishchi xodimlari, sihatgoh bosh hamshirasi D. Sattorova boshchiligida 10 nafar maʼmuriyat hamshiralari Afshona tibbiyot kolleji qoshida tashkil etilgan Abu Ali Ibn Sino muzeyiga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif davomida hamshiralar jamoasi ulugʻ alloma, buyuk tabib va mutafakkir Abu Ali Ibn Sinoning hayoti, ilmiy merosi va insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Abu Ali Ibn Sino – Sharq va G‘arbni bog‘lagan buyuk alloma
Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn Sino (980–1037) dunyo ilm-fani tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk olim, tabib, faylasuf va mutafakkirdir. U Afshona qishlogʻida tugʻilib, yoshlik yillaridanoq ilmga bo‘lgan cheksiz qiziqishi bilan ajralib turgan. Ibn Sino qisqa umrida 450 dan ortiq asar yozgan bo‘lib, ulardan qariyb 240 tasi bizgacha yetib kelgan.
Uning eng mashhur asari — “Al-Qonun fit-tibb” (“Tib qonunlari”) asrlar davomida Sharq va G‘arb tibbiyotining asosiy qoʻllanmasi sifatida xizmat qilgan. Bundan tashqari, “Kitob ush-shifo”, “Donishnoma” kabi asarlari falsafa, mantiq, fizika, kimyo va boshqa fanlarni o‘z ichiga olgan ensiklopedik manbalardir.
Ibn Sino nafaqat buyuk tabib, balki jamiyatni ilm-ma’rifat orqali taraqqiy ettirish tarafdori bo‘lgan donishmand sifatida ham e’zozlanadi. Bugungi kunda ham uning nomi, ilmiy merosi va gʻoyalari insoniyat taraqqiyoti yoʻlida yuksak qadrlanmoqda.
Tashrifdan taassurot
Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi hamshiralarining bu tashrifi ularning kasbiy saviyalarini oshirish, buyuk tabibning boy merosidan ibrat olish va o‘z faoliyatlariga yangi ruh bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Hamshiralar Ibn Sino hayoti va asarlari bilan tanishar ekan, ilmga, insonparvarlikka va fidoyilikka doimiy intilish zarurligini chuqur his etdilar.
Shubhasiz, bunday tashriflar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining bilim va dunyoqarashini yanada boyitib, yosh avlodga sog‘lom hayot yo‘lini targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etadi.