Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida kichkintoylarning sogʻligi mustahkamlanibgina qolmay, ularning bilim va koʻnikmalari ham muntazam ravishda rivojlantirilib boriladi. Zamonaviy sihatgoh maktabida esa bolajonlar nafaqat darslarda, balki turli ijodiy mashgʻulotlarda ham faol qatnashadilar.
Shunday qiziqarli mashgʻulotlardan biri – tasviriy sanʼat darsi boʻldi. Unda bolalar ijod olamiga sayohat qilib, qoʻllarida rangli qalamlar va boʻyoqlar yordamida kit rasmini chizdilar. Har bir bola oʻz tasavvuriga qarab, rang-barang, jonli va quvnoq suratlarni yaratdi.
Dars davomida nafaqat chizish, balki yasash mashqlari ham oʻtkazildi. Bolalar qogʻoz, karton va boshqa materiallardan foydalanib, oʻz qoʻllari bilan kit shaklini yasashni oʻrgandilar. Bu jarayon ularning ijodiy fikrlashini, sabr-toqatini va mehnatsevarligini yanada oshirdi.
Mazkur dars bolalarda tasviriy sanʼatga qiziqish uygʻotibgina qolmay, ularda tabiatga mehr-muhabbatni ham shakllantirdi. Kit obrazi orqali ular hayvonot olamining qiziqarli sirlariga yaqinroq boʻlishdi.
Shunday qilib, sihatgoh maktabidagi tasviriy sanʼat darsi bolajonlar uchun unutilmas taassurotlar ulashib, ularning bilim va ijodkorlik doirasini kengaytirishga xizmat qildi.