Tibbiyot xodimlarining odob-axloq va kiyinish madaniyati muhokama qilindi.
Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2022-yil 24-martdagi 88-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Tibbiyot xodimlarining odob-axloq kodeksi” talablariga rioya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining kiyinish madaniyati va xizmat intizomini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tibbiyot xodimlarining bemorlar va ularning yaqinlari bilan muomala madaniyati, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarishi hamda tibbiyot muassasasi nufuziga mos ravishda kiyinishining muhimligi ta’kidlandi.
Tartib-qoidalarga rioya etmagan xodimlarning xatti-harakatlari muhokama qilinib, ularga kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Yig‘ilishda sihatgoh yuristi B. Qodirov tomonidan mavjud holatlarga huquqiy baho berilib, mehnat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib talablariga rioya qilishning huquqiy asoslari yuzasidan xodimlarga tushunchalar berildi.
Yig‘ilish yakunida barcha xodimlarga “Tibbiyot xodimlarining odob-axloq kodeksi” talablariga qat’iy rioya qilish, xizmat kiyinish madaniyatiga amal qilish, bemorlar bilan xushmuomala va madaniyatli munosabatda bo‘lish hamda ichki mehnat tartib-qoidalarini buzmaslik bo‘yicha tegishli tavsiya va vazifalar berildi.