Buxoro sh. Moxi-Hosa
Qo’rg’oni shifokor k. №1
Ish vaqti:
Dush. - Sham. 08:30 - 15:30

Ertaklar olamida yangi yil:Sihatgohda bayram shukuhi.

 

Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida Yangi yil bayrami munosabati bilan ko‘tarinki kayfiyat va quvonchlarga boy bayram tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbir sihatgohda davolanayotgan bolajonlarga bayramona ruh bag‘ishlash, ularning qalbida yangi yil mo‘jizalariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

 

Bayram tadbirida Qorbobo va Qorqiz boshchiligida turli ertak qahramonlari — quvnoq Shum bola, ertaklardagi qiziqarli obrazlar hamda bolalarni kuldirib, biroz hayratga solgan Yalmog‘iz kampir ishtirok etdi. Ularning chiqishlari bolalarda katta qiziqish uyg‘otib, tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

 

Tadbir davomida bolajonlar uchun qiziqarli sahna ko‘rinishlari, quvnoq o‘yinlar, she’r va qo‘shiqlar namoyish etildi. Qorbobo bolalarning Yangi yilga bo‘lgan orzu-tilaklarini tinglab, ularni shirin sovg‘alar bilan xursand qildi. Bayramona bezatilgan zal, musiqalar va rang-barang liboslar bolalarning kayfiyatini yanada ko‘tardi.

 

Mazkur bayram tadbiri bolalar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘lib, ularning yuzida samimiy tabassum va quvonchni ulashdi. Sihatgoh ma’muriyati va tashabbuskor jamoa tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir bolajonlarning ruhiy holatini ko‘tarish, ularga e’tibor va mehr ko‘rsatishning yana bir yorqin namunasiga aylandi.

 

Yangi yil bayrami barchaga sog‘liq, baxt va ezgu niyatlar olib kelsin!

Orqaga