Yosh avlod qalbiga yo‘l topish, ularni tinglash va anglash — har bir tarbiyachining eng ulug‘ burchidir. Tarbiyachi: Saidova Umida mana shunday ezgu maqsadda 5–6-sinf o‘quvchilari bilan “Yomg‘ir tomchilari” metodi asosida tarbiyaviy mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu usul bolalarni ruhiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ichki kechinmalari, fikr va his-tuyg‘ularini ifoda etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mashg‘ulot jarayonida har bir bola qog‘ozga bir tomchi shaklida o‘z hissiyotini, orzu-umidini yoki kechirma yozuvini bildiruvchi so‘zlar yozdi. Bu so‘zlar ba'zan shodlik, ba'zan esa hasrat va iztirob aks etgan qisqacha ifodada bo‘ldi. Ba'zi bolalar "men oilamni sog‘inyapman", "meni tushunishlarini istayman", "o‘qishimda omad tilaman" kabi so‘zlar orqali qalbining chin ovozini tinglatdi.
Bu mashg‘ulot biz, kattalar uchun ham o‘quv bo‘ldi. Chunki bola qalbida nimalar jo‘sh urganini faqat sukut va diqqat bilangina anglash mumkin. “Yomg‘ir tomchilari” shu ma'noda nafaqat bolalar uchun, balki tarbiyachi uchun ham qalb ko‘zgusiga aylandi.
Ushbu amaliy mashg‘ulot shuni yana bir bor isbotladi: bolalarni tinglash — ularni chindan sevish va qadrlash demakdir. Ularga so‘z berish, hislarini ifoda etish imkonini yaratish orqali biz ularning ichki dunyosiga mehr bilan yetib borishimiz mumkin.