Qorakul tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikaning “Tinchlik” mahallasi filialida joylarda aholining tibbiy xabardorligini oshirish va profilaktik tibbiy ko‘riklarning ahamiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida navbatdagi tashviqot tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda Viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi ftiziopediatri, Korakul tumani kuratori Tursunova N. ishtirok etib, tibbiyot xodimlari va mahalla aholisi, ayniqsa bolalarning ota-onalariga sil kasalligining bolalar orasida oldini olish, uni erta aniqlash va samarali davolash masalalari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordi.
Tashviqot davomida mutaxassis tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Salomatlik oyligi” tadbirlari doirasida bolalarni birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish orqali ko‘plab xastaliklarni, jumladan silni erta bosqichda aniqlash mumkinligi ta'kidlandi.
Shuningdek, ota-onalarga bolalarda immunitetni mustahkamlash, parhezli ovqatlanish va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish orqali kasalliklarning oldini olish mumkinligi haqida ham tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldilar va tashviqot materiallari tarqatildi.